BI Group Yangi Toshkentdagi “Astana kvartali” turar joy loyihasini amalga oshirishda ishtirok etmoqda

2025-yil 15-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida bo‘lib o‘tgan teleko‘prik davomida BI Group xalqaro developerlik xoldingi Yangi Toshkent hududini rivojlantirishning bir qismi bo‘ladigan “Astana kvartali” yangi turar joy loyihasining dastlabki me’moriy-shaharsozlik konsepsiyasini taqdim etdi.
Loyiha “Yangi Toshkent” direksiyasi buyurtmasiga binoan amalga oshirilmoqda va yangi poytaxtning ikki shahar me’moriy kodlarini — Ostonaning yoshligi va shiddati hamda Toshkentning tarixiy teranligini birlashtirgan ilk zamonaviy mavzelardan biri bo‘ladi.
Loyiha haqida: “Astana kvartali” qulay muhit va rivojlangan infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy dahasiga aylanadi. Birinchi bosqich doirasida 10,5 gektar maydonni o‘zlashtirish va jami 256 601 m² qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha tarkibi:
• 3 162 ta xonadon
• street-retail formatidagi tijorat maydonlari
• yagona uslubdagi obodonlashtirish
• avtomobilsiz yopiq hovlilar va zamonaviy sayilgohlar
Birinchi bosqichga yo‘naltirilgan sarmoyalar hajmi 200 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
BI Group bosh direktori Aydin Raximbayev ta’kidladi:
“Astana kvartali” — bu shunchaki qurilish loyihasi emas. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, an’analarga hurmat va taraqqiyotga intilish ramzidir. Biz har bir element — peshtoqdan tortib ko‘cha jihozlarigacha — madaniyatlar uyg‘unligini va yangi hayot sifatiga intilishni aks ettiradigan makon yaratmoqdamiz. BI Group odamlar va g‘oyalar uchun ochiq bo‘lgan kelajak shahri — Yangi Toshkentni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shayotganidan faxrlanadi.”